Binyamin Netanyahu agar HAMAS 15-fevralgacha garovga olingan isroilliklarni qaytarmasa, G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshlashni va’da qildi. Avvalroq HAMAS shartlar buzilganini aytib, ozod qilishni to‘xtatgandi. Tramp esa guruhga shanbagacha muhlat bergan.
HAMAS Isroilni sulhni buzganlikda aybladi va garovga olingan isroilliklarni ozod qilishni noma’lum muddatga qoldirishini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp guruhdan shanba kuni tushgacha barcha garovga olinganlarni qaytarishni talab qildi, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, “jahannam boshlanadi”.
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Trampning AQSh bu hududni “o‘z nazoratiga olishi” haqidagi so‘zlaridan so‘ng G‘azo sektori aholisiga “ixtiyoriy ravishda anklavni tark etish” imkonini beradigan reja tayyorlashni buyurdi. Trampning bayonoti arab davlatlari tomonidan qoralandi.
AQSh G‘azo sektorini egallaydi va falastinliklar boshqa joyga ko‘chirilgandan so‘ng uni iqtisodiy jihatdan rivojlantiradi, dedi Tramp Isroil bosh vaziri Netanyahu bilan uchrashuvi doirasida. Prezident G‘azoga AQSh qo‘shinlari yuborilishini istisno qilmadi.
HAMAS Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim doirasida garovdagi uch isroillikni va besh nafar tailandlik fuqaroni ozod qildi. Bunga javoban Isroil 110 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi kerak.
Isroil hukumati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risidagi bitimni ma’qulladi. Bunda 24 nafar vazir yoqlab, 8 nafari esa qarshi ovoz berdi. Ertadan garovga olinganlarni ozod qilish boshlanishi kutilyapti.
Isroil bosh vaziri ofisi Isroil va HAMASning muzokara guruhlari kelishuv imzolaganini rasman tasdiqladi. Endi uni Isroil hukumati tasdiqlashi kerak. Bitimning kuchga kirishi 19-yanvardan 20-yanvarga qoldiriladi.
Isroil va HAMASning o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik mahbuslar evaziga isroillik garovga olinganlarni ozod qilishga bag‘ishlangan kelishuvi uch bosqichda amalga oshirilishi kutilmoqda. 19-yanvardan harbiy harakatlar to‘xtatiladi.
BAA Isroil va AQSh bilan Isroil qo‘shinlari olib chiqib ketilgandan keyin G‘azo sektorining kelajagi bo‘yicha yopiq muzokaralar olib bormoqda, deb yozdi Reuters. Abu Dabi Falastin ma’muriyatini isloh qilish, huquq va vakolatlarini kengaytirish tarafdori.
HAMAS o‘z qo‘shinlarini G‘azo hududidan olib chiqib ketish va o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolash evaziga 34 nafar isroillikni ozod qilishga roziligini bildirdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Qatarda tomonlar kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklagan.
Human Rights Watch tashkilotining ta’kidlashicha, Isroilning G‘azo aholisini suvdan mahrum etishi genotsid va qirg‘in aktlariga teng keladi. Hisobotda G‘azodagi falastinliklarning suv bilan ta’minlangani yashab qolish uchun zarur bo‘lgan 15 litrlik chegaradan ancha past ekani aytiladi. Isroil ayblovlarni rad etdi.
Qatarda ikki oylik tanaffusdan so‘ng G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar tiklanadi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh Kongressidagi nutqida Isroil HAMAS bilan to‘liq g‘alabagacha kurashishini aytdi va G‘azodagi urushni Eron bilan kurashga qiyosladi. Uning chiqishi Vashingtonda norozilik namoyishlarini yuzaga keltirdi. U namoyish a’zolarini “Eronning foydali ahmoqlari” deb atadi.
Isroil HAMASdan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi takliflar oldi va bir necha oy davomida berk ko‘chaga kirib qolgan muzokaralarni davom ettirishga rozi bo‘ldi.
Isroil harbiy rahbariyati snaryadlar taqchilligi sharoitida, hatto HAMAS hozircha hokimiyatda qolsa ham, G‘azoda sulh tuzish tarafdori, deb yozdi New York Times. Bu, harbiylarga ko‘ra, guruh qo‘lidagi garovga olinganlarni ozod qilishning eng yaxshi yo‘li bo‘ladi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS bilan G‘azodagi shiddatli janglar yakunlanayotganini aytdi, biroq guruh yo‘q qilinmaguncha urushni davom ettirishga va’da berdi. Isroil qo‘shinlarining bir qismini “Hizbulloh” bilan tez-tez janglar sodir bo‘layotgan Livan bilan chegaraga yuborishni rejalashtirmoqda.
BMT mustaqil komissiyasi HAMAS ham, Isroil ham 2023-yil oktabr oyidan beri urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan, degan xulosaga keldi.
Isroil tanklari G‘azo sektori janubidagi Rafah shahri markaziga kirib bordi, shahar bo‘ylab havo hujumlari ham uyushtirilmoqda. BMT Xalqaro sudi mamlakatga hujumni zudlik bilan to‘xtatishni buyurganiga qaramay, Isroil Rafahdagi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda.
BMT Xalqaro sudi Isroilga Rafahdagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishni buyurdi. Sud, shuningdek, Isroildan gumanitar yordam uchun chegara punktini ochish va tergovchilarga G‘azoga kirishga ruxsat berishni talab qildi.
Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurori HAMASning uch yetakchisi, shuningdek, Isroil bosh vaziri va mudofaa vazirini harbiy hamda insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, hibsga olish uchun order berishni talab qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting